Ipoteka kreditini ajratishda qo‘yiladigan talablar yengillashtirilishi kutilmoqda

Aholi daromadining kreditga yo‘naltiradigan qismini soliqdan ozod qilish chegarasi oshiriladi.
Sputnik
TOShKENT, 18-iyul — Sputnik. O‘zbekistonda ipoteka kreditini ajratishda aholi daromadlari bo‘yicha tijorat banklariga qo‘yiladigan talablar yengillashtiriladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev mutasaddilarga tegishli qaror loyihasini kiritishni topshirdi.
Davlat rahbari navbatdagi yig‘ilishda aholini qiynayotgan uy-joy bilan bog‘liq masalalarga to‘xtalib o‘tdi.
Ta’kidlanishicha, uch yil avval aholini uy-joy bilanta’minlash bo‘yicha bozor tamoyillariga asoslangan yangi ipoteka tizimi joriy etilgan.
Natijada o‘tgan besh oyda ipoteka kreditlari hajmi 2,5 baravarga oshib, 310 mingdan ziyod oila shaxsiy uy-joyga ega bo‘ldi. Uy-joy qurilish hajmi ham 3 baravar oshdi.
Shu o‘rinda, joriy yilda asosiy stavka oshganiga qaramay, ipoteka kreditlari bo‘yicha banklarga ajratiladigan resurs stavkalari o‘zgarishsiz qoldirildi.
Natijada shu yilning besh oyida 30 ming nafar yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 baravarga ko‘p fuqarolarga imtiyozli ipoteka krediti ajratildi.
Lekin, ipoteka kreditlarining cheklangan hajmi va subsidiya ajratishda burokratiya bo‘yicha aholi tomonidan ko‘plab e’tirozlar bildirilmoqda.
Shuning uchun mutasaddilarga 1-sentabrdan boshlab:
aholi daromadining kreditga yo‘naltiradigan qismini soliqdan ozod qilish chegarasini oshirish;
ipoteka kreditini ajratishda aholi daromadlari bo‘yicha tijorat banklariga qo‘yiladigan talablarni yengillashtirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.
Mutasaddilar oldiga ikki hafta muddatda subsidiya ajratishda burokratiyani keskin qisqartirish, uni ochiq-oshkora qilib, to‘liq raqamlashtirish bo‘yicha taklif kiritish vazifasi qo‘yildi.