TOShKENT, 15-iyul — Sputnik. Oilaviy bog‘chalarga 3 yoshga to‘lmagan bolalarni ham qabul qilishga ruxsat beriladi. Bu haqida prezidentning PQ–322-sonli qarorida nazarda tutilgan.
Qarorga muvofiq, 1-sentabrdan oilaviy nodavlat bog‘chalarda:
qatnayotgan ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalar farzandlari va maxsus kontingentlar soni tarbiyalanuvchilar sonining 70 foizidan kam bo‘lganda, yetmagan qismiga boshqa oilalarning bolalarini qabul qilishga ruxsat etiladi;
tarbiyachi va tarbiyachi-yordamchi lavozimlari uchun 4,5 tagacha shtat birligini ajratishga ruxsat etiladi;
tarbiyachi va tarbiyachi-yordamchilarga budjetdan ish haqini qoplash uchun subsidiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri ushbu xodimlarning plastik kartasiga o‘tkazib beriladi.
Shuningdek, davlat-xususiy sheriklik asosida faoliyat yuritayotgan bog‘chalarda hamda oilaviy bog‘chalarda budjetdan to‘lanadigan subsidiya va kompensatsiyalarni hisoblashda 3 yosh va undan katta yoshdagi, lekin 7-yil 8 oydan katta bo‘lmagan yoshdagi tarbiyalanuvchilar hisobga olinadi.
Ota-onalar to‘lovi miqdorini mustaqil ravishda belgilab 3 yoshga to‘lmagan bolalarni ham qabul qilishga ruxsat etiladi.
Qolaversa, tabiiy gaz uchun kompensatsiya markazlashgan tabiiy gaz ta’minoti bo‘lmagan, lekin isitishning boshqa turlaridan foydalanayotgan DXSh asosidagi va nodavlat bog‘chalarga ham to‘lanadi.