TOShKENT, 11-iyul — Sputnik. Qoraqalpog‘istondagi internet bilan bog‘liq muammolar tufayli respublikadagi abituriyentlar uchun OTMlarga qabul muddati uzaytiriladi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Kecha, 10-iyul kuni, OTMning chet tilidan kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladigan ta’lim yo‘nalishlari hamda akademik litseylarga qabulning so‘nggi kuni edi. Ta’kidlanishicha, hozirda Qoraqalpog‘iston hududida internet tizimida ayrim texnik nosozliklar tufayli hujjatlarni onlayn topshirishda uzilishlar kuzatilmoqda.
“Ammo xavotirga o‘rin yo‘q. Bu jarayon hukumat tomonidan to‘liq nazoratga olingan bo‘lib, hozirda hujjat topshirishga ulgura olmagan qoraqalpog‘istonlik yoshlar uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tish muddati uzaytirilishi kutilmoqda”, - deyiladi vazirlik xabarida.
Qayd etilishicha, ushbu masala tez orada ijobiy yechimini topadi va bu haqidagi ma’lumot qoraqalpog‘istonlik abituriyentlar hamda ularning ota-onalariga (Beeline, Uzmobile, Ucell, UMS, Perfectum mobile) SMS xabar tarzida, shuningdek, hududiy telekanallar orqali yetkaziladi.
Abituriyentlarga test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi va ketma-ketligi bir xil bo‘lgan beshtagacha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarini hamda bir vaqtning o‘zida barcha ta’lim shakllarini (kunduzgi, sirtqi, kechki, masofaviy) tanlash huquqi beriladi.
Shuningdek, ro‘yxatdan o‘tish jarayonida tanlangan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari ustuvorligiga qarab dastlab davlat granti, keyinchalik to‘lov-kontrakt asosida tanlovda ishtirok etish imkoniyati beriladi.