TOShKENT, 6-iyul – Sputnik. Rossiyaning “Azimut” aviakompaniyasi Mineralnie Vodi va Urganchni to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar bilan bog‘ladi.
Yangi yo‘nalish bo‘yicha parvoz qilgan birinchi samolyot 6-iyul kuni soat 03.04 da bortida 92 yo‘lovchi bilan Urganch xalqaro aeroportiga qo‘ndi.
“Mineralnie Vodi – Urganch – Mineralnie Vodi” yo‘nalishi bo‘yicha ilk yo‘lovchi parvozini amalga oshirgan havo kemasi suv arkasi bilan tantanali ravishda kutib olindi.
“Urganch” aeroporti terminalida aviakompaniya vakillari an’anaga ko‘ra ushbu reysga birinchi bo‘lib chipta sotib olgan yo‘lovchini tabriklashdi.
“Baxtli yo‘lovchi Nargiza Muratova bo‘lib, unga aviakompaniyaning har ikki yo‘nalishdagi yo‘nalishlari bo‘yicha ikki kishilik aviachiptalarning joriy yil oxirigacha amal qiladigan sertifikati tantanali ravishda topshirildi”, deyiladi xabarda.
Ushbu yo‘nalish bo‘yicha parvozlar muntazam ravishda SU-95 samolyotlarida haftada bir marta chorshanba kunlari amalga oshiriladi.
Qayd etilishicha, yaqin kelajakda aviakompaniya Mineralnie Vodidan Toshkentga parvozlarni yo‘lga qo‘yishni ham rejalashtirmoqda.