TOShKENT, 28-iyun — Sputnik. Bugundan boshlab abituriyentlar OTMning ta’lim shakli va ta’lim tilini tanlashlari mumkin.
Davlat test markazi my.dtm.uz saytiga qabul parametrlari va qabul parametrlarining tillar kesimidagi taqsimotini joylashtirdi.
Saytining “Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga qabul” bo‘limi orqali fanlar majmuasi va ketma-ketligi bir xil bo‘lgan beshtagacha bakalavriat ta’lim yo‘nalishini tanlash mumkin.
Qayd etilishicha, bitta ta’lim yo‘nalishini tanlash majburiy, qolgan ta’lim yo‘nalishlarini tanlash esa ixtiyoriy bo‘ladi.
Bunda abituriyentlar kunduzgi, sirtqi, kechki yoki masofaviy ta’lim shaklini tanlaydilar.
Barcha test topshiruvchilar uchun majburiy 3 ta fan bo‘yicha-ona tili (o‘zbek, rus yoki qoraqalpoq tili), matematika va O‘zbekiston tarixi fanlari bo‘yicha test sinovlari o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, 20-iyundan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga abituriyentlarni onlayn ro‘yxatga olish boshlangan.
Shu kungacha ular faqatgina pasport, doimiy yashash manzili, tugatgan ta’lim muassasasi hamda maxsus sertifikat ma’lumotlarini kiritishlari mumkin edi.
Ro‘yxatga olish 20-iyulga qadar (20 iyul kuni ham) davom etadi. Chet tilidan kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga ro‘yxatga olish esa 10-iyulga qadar amalga oshiriladi.