TOShKENT, 28-iyun — Sputnik. O‘zbekistonga Rossiya prezidentining xorijiy davlatlar bilan mintaqalararo va madaniy aloqalar bo‘yicha devoni rahbariyati tashrif buyurdi. Bu haqda Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi yelchixonasi xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, ishchi tashrif 23-26 iyun kunlari bo‘lib o‘tdi. Delegatsiya O‘zbekiston hukumati vakillari bilan muzokaralar olib bordi va Rossiya universitetlarining bir qator filiallarida bo‘ldi.
Safar davomida ta’lim va gumanitar sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Ilmiy loyihalarni ishlab chiqishda hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari aniqlandi va Rossiya universitetlari filiallarining hozirgi holati tahlil qilindi.
O‘zbekistonda Rossiya universitetlarida ta’lim olish yuqori talabga ega.
Rossiya tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda Rossiya universitetlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar soni 43 mingdan ortiqni tashkil etmoqda.
Rossiya universitetlarining respublikadagi filiallari soni so‘nggi uch yilda 4tadan 14 tagacha ko‘paydi. Toshkentda Rossiya Xalqlar do‘stligi universiteti vakolatxonasi ham ochildi.