Metro poyezdlarning harakat tezligi kamaytiriladi

Toshkent metrosining yerusti yo‘nalishlarida issiq harorat sabab poyezdlar tezligi kamaytiriladi,
Sputnik
TOShKENT, 28-iyun — Sputnik. Toshkent metropolitenining barcha yer usti stansiyalaridagi poyezdlar harakat tezligini kamaytiradi. Bu haqda “Toshkent metropoliteni” DUK matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, havo haroratining keskin isishi sababli, poyezdlar harakati xavfsizligini ta’minlash maqsadida Toshkent metropolitenining barcha yer usti bekatlarida harakatlanayotgan poyezdlar tezligi soat 12:00 dan 18:00 ga qadar kamaytiriladi.
Ushbu holat elektropoyezdlar qatnovidagi oraliq intervallarga ham ta’sir qiladi. Ya’ni endi poyezdlar bekatlarga sekinroq keladi.
Ma’lumot uchun, O‘zgidromet 25-29 iyun kunlari O‘zbekiston hududiga Turkmaniston orqali Eron hududlaridan issiq havo kirib kelishini ma’lum qilgandi.
Bunday issiq havo paytida po‘lat izlardagi harorat yanada yuqori bo‘ladi. Shu sabab “O‘ztemir yo‘lyo‘lovchi” rahbariyati poyezdlar tezligiga cheklov kiritdi. Bu orqali poyezdlar belgilangan manzillarga kechikib borish holatlari kuzatiladi. Bundan tashqari, havo haroratining keskin ko‘tarilishi poyezdlar harakat jadvaliga ham ta’sir o‘tkazdi.