Bu qiziq

Jazirama issiqda qanday ovqatlanish kerak? – SSV

Saraton kunlarida qanday ovqatlanish kerak? Kunlik taomnomada qanday yeguliklar bo‘lishi maqsadga muvofiq?
Sputnik
Bugun O‘zbekistonda kuzatilayotgan yuqori harorat sharoitida, organizm lohas bo‘lib, ko‘pchilikning ishtahasi pasayishi tabiiy hol. Biroq issiq ob-havo bir necha kun yoki haftalar davom etishini inobatga olsak, ovqatlarmaslik salomatlikka zarar yetkazishi mumkin.
Xo‘sh, shunday ekan, saraton kunlarida qanday ovqatlanish kerak? Kunlik taomnomada qanday yeguliklar bo‘lishi maqsadga muvofiq?
Ushbu savolga Toshkent tibbiyot akademiyasi Ovqatlanish gigiyenasi va bolalar, o‘smirlar gigiyenasi kafedrasi professori Guli Shayxova javob berdi.
— Jazirama havoda ko‘pincha inson organizmida suv-tuz almashinuvining buzilishi, terlashning kuchayishi, buning natijasida muhim vitaminlar va minerallarning yo‘qotilishi kuzatiladi, — deydi shifokor.
— Albatta bunday sharoitda to‘g‘ri ovqatlanish nafaqat tanani issiqdan sovutishga, balki uni suv va foydali mikroelementlar bilan to‘yintirishga ham katta yordam beradi. Ya’ni, suvsizlanish, oftob urishi va boshqa ko‘ngilsiz holatlarning oldini oladi.
Shu bois yoz kunlari ko‘proq taomnomaga ho‘l mevalar va xom holatdagi sabzavot hamda ulardan tayyorlangan salatlarni kiritish lozim. Chunki bu mahsulotlarning ko‘pchiligi chanqoqni qondiradi hamda organizmni kerakli mineral moddalar va vitaminlar bilan to‘yintiradi. Lekin ularning kaloriyasi kam va kuni bilan sarf qilingan quvvatning o‘rnini bosa olmaydi. Organizmga esa doimiy oqsil moddalari zarur.
Buning uchun go‘sht va uning o‘rnini bosuvchi ba’zi (dukkakli) mahsulotlarni iste’mol qilish maqsadga muvofiq. Biroq, qovurilgan, yog‘li mahsulotlarning hazm bo‘lishi ancha qiyin ekani sababli qaynatilgan va umuman yengil hazm bo‘ladigan go‘shtli taomlarni yeyish tavsiya qilinadi. Xususan, issiq kunlarda mastava, qaynatma sho‘rva (yog‘siz), manpar va shunga o‘xshash yengil hazm bo‘luvchi taomlarni yeyish kerak.
Shuningdek, yoz faslida ovqatlanish vaqtini biroz o‘zgartirish tavsiya qilinadi:
7:00 nonushta. Unda oqsil, yog‘ va uglevodga boy va yuqori kaloriyali mahsulotlar (tvorog, qaymoq, sutli choy, meva, sabzavot, suvda pishirilgan go‘sht va shunga o‘xshash mahsulotlar) bo‘lishi va bu jami kunlik ratsionning 35 foizini tashkil etishi lozim.
Tushlikda yengil hazm bo‘luvchi birinchi taom, ya’ni moshxo‘rda, mastava, manpar, suvda yoki bug‘da tayyorlangan kotletlardan iborat bo‘lsa, nur ustiga a’lo nur.
Kechki taomlar ham juda yengil hazm bo‘ladigan suyuq ovqatlardan iborat bo‘lishi kerak. Buning uchun qatiq, kefir, olma, turli sabzavotlar va shunga o‘xshash uglevodlarga boy bo‘lmagan mahsulotlarni iste’mol qilish lozim.
Qovun va tarvuz esa tushlik vaqtida yeyilsa yaxshi bo‘ladi. Chunki ular uglevodlarga boy va organizmga quvvat beradi. Ayniqsa, tarvuz chanqoqni bosadi.
Bodring, pomidor, salatlar, piyoz, ko‘k piyoz, ko‘katlar ham dasturxonda albatta bo‘lishi kerak.
Sharbatlaryu Ho‘l mevalardan tayyorlangan sharbatlar tarkibida esa shakar imkon qadar umuman bo‘lmasligi lozim.

Mutlaq tasviya etilmaydigan taomlar

Yozning issiq kunlarida sho‘r baliq, dudlangan go‘sht, konserva, tuzli mahsulotlarni iste’mol qilish umuman tavsiya etilmaydi. Chunki ular chanqash holatini yanada kuchaytiradi.
Qolaversa, yog‘li go‘sht, achchiq yeguliklarni taomnomadan chiqarib tashlash maqsadga muvofiq. Chunki ular tanada issiqlik ishlab chiqarishni yanada kuchaytirib, hazmi qiyin. Bu esa organizmning issiqlik bilan kurashish va metabolik jarayonlarni tartibga solish o‘rniga, hazm uchun energiya sarflashiga olib keladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabariga asosan.