TOShKENT, 27-iyun — Sputnik. O‘zbekiston terma jamoasi taekvondo WT bo‘yicha Osiyo chempionatida umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Shuhrat Salayev
© O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati
Qayd etilishicha, bugun, 27-iyun kuni Koreyada taekvondo WT bo‘yicha Osiyo chempionati o‘z yakuniga yetgan. Musobaqaning so‘nggi kunida -80 kg vazn toifasida ishtirok etgan o‘zbekistonlik Shuhrat Salayev qit’a chempionligini qo‘lga kiritgan.
“Taekvondochimiz finalda Tokio-2020 kumush medal sohibi iordaniyalik Solih El Sharabati bilan to‘qnash keldi. Birinchi raundda Salayevning, ikkinchi bo‘limda raqibning g‘alabasi qayd etildi. Hal qiluvchi raundda Salayev 0:5 hisobida ortda borayotganiga qaramasdan kuchli xarakter ko‘rsatib, 8:7 hisobida bellashuv taqdirini o‘z foydasiga hal qila oldi. Ayniqsa, so‘nggi 2 soniyada 2 ochkolik zarba bilan g‘alabani “ilib” ketgani butun musobaqaning eng dramatik lahzasi bo‘ldi, deyish mumkin”, deyiladi xabarda.
Shu tariqa, O‘zbekiston terma jamoasi mazkur qit’a birinchiligini 4 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medallari bilan yakunlagan. Ahamiyatli tomoni, erkaklar terma jamoasi 4 ta oltin medal bilan musobaqa mezbonlarini ortda qoldirib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egallagan.
Qayd etish joiz, terma jamoa qit’a birinchiliklarida shu paytgacha 4 ta oltin medal qo‘lga kiritmagan edi.