Ulug‘bek Rashitov taekvondo bo‘yicha Osiyo chempioni bo‘ldi

Ulug‘bek Rashitov tayekvondo bo‘yicha Osiyo chempioni bo‘ldi
Ulug‘bek Rashitov finalda iordaniyalik Zaid Karimga qarshi dayanga chiqdi va ikkala raundda ham g‘alabaga erishdi.
Sputnik
TOShKENT, 24-iyun — Sputnik. O‘zbekistonlik sportchi Ulug‘bek Rashitov Osiyo chempioni bo‘ldi. Bu haqda Milliy Olimpiya qo‘mitasi xabar berdi.
Janubiy Koreyada taekvondo bo‘yicha Osiyo chempionati bo‘lib o‘tmoqda.
Unda -68 kg vazn toifasida Ulug‘bek Rashitov finalda iordaniyalik Zaid Karimga qarshi dayanga chiqdi va ikkala raundda ham g‘alabaga erishib, Osiyo chempioniga aylandi.
Rashitov musobaqani nimchorak finaldan boshladi va falastinlik Fahid Abdulrazoqni 2:0 hisobida taslim qildi.
Shundan so‘ng chorak finalda mo‘g‘ulistonlik Engbold Buyanshagai, yarim finalda eronlik Doniyol Bozorgishob ham mag‘lub etildi – 2:0.
Shuningdek, -53 kg vazn toifasi ishtirok etgan Charos Qayumova musobaqani kumush medal bilan yakunladi. U bellashuvda eronlik Nahid Kiyanchandehga imkoniyatni boy berdi.
Shu tariqa, qit’a birinchiligining birinchi kunida O‘zbekiston jamoasi 1 ta oltin va 1 ta kumush medallariga sazovor bo‘ldi.