TOShKENT, 24-iyun — Sputnik. O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 20,5 milliard dollarga yetdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lum qildi.
Markaz mamlakat tashqi savdosining yanvar-may oylari yakunlari bo‘yicha sharh tayyorladi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan $5,6 mlrdga (o‘sish 37,4%) oshgan.
Tashqi savdo umumiy hajmida eksport ulushi $8,4 mlrdni, import esa $12,2 mlrdni tashkil etdi. Natijada tashqi savdo aylanmasi saldosi -$3 809,7 mln.ga teng bo‘ldi.
Mamlakatning tashqi savdo faoliyati bo‘yicha eng yirik 20 ta hamkori orasida Afg‘oniston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkiya mamlakatlari bilan savdoda ijobiy saldo kuzatilmoqda. Qolgan 16 mamlakatlar bilan tashqi savdo aylanmasining passiv balansi saqlanib qolmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi dunyoning 167 ta davlati bilan savdo munosabatlari o‘rnatgan.
Tashqi savdo aylanmasining eng katta hajmi Xitoy (18,5%), Rossiya (15,8%), Qozog‘iston (8,5%), Turkiya (7,0%), Janubiy Koreya (5,3%), Germaniya (2,4%) va Qirg‘iziston (2,1%) hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Respublika tashqi savdo aylanmasi tarkibida eng salmoqli ulush Toshkent shahriga to‘g‘ri kelmoqda - 37,4% ($7672,3 mln.), eng kam ulush esa Surxondaryo viloyati - 0,9% yoki $184,7 mln.