BRICS - 2022: Yakuniy deklaratsiya qabul qilindi

BRICS davlatlari dunyoda adolatli raqobat uchun sharoit yaratish, BMTning yetakchi rolini saqlab qolish va yadro qurolidan xoli bo‘lgan dunyoga intilish tarafdori.
Sputnik
TOShKENT, 24-iyun — Sputnik. BRICS davlatlari (Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy, Janubiy Afrika) rahbarlari Xitoyda bo‘lib o‘tgan ittifoqning o‘n to‘rtinchi sammiti yakunida Pekin deklaratsiyasini qabul qildi. Hujjat Kreml saytida e’lon qilindi, deya xabar berdi “RIA Novosti”.

Deklaratsiyada xalqaro savdo-iqtisodiy hamkorlikda adolatli raqobat uchun shart-sharoit yaratish, rivojlanayotgan mamlakatlarning jahondagi iqtisodiy va siyosiy jarayonlarida ishtirok etishiga ko‘maklashish, iqtisodiyot va boshqa sohalarda 2030-yilgacha barqaror rivojlanish dasturini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash rejalari qayd etilgan.

Deklaratsiyaga ko‘ra, BRICS mamlakatlari xalqaro tizimda BMTning markaziy rolini saqlab qolish tarafdori. Shu bilan birga, BRICS BMT Xavfsizlik kengashini isloh qilish borasidagi munozaraga yangi hayot bag‘ishlashga tayyor. Xitoy va Rossiya Braziliya, Hindiston va JARning "BMTda yanada sezilarli rol o‘ynashga urinishi"ni qo‘llab-quvvatlaydi.
Sammitda ishtirokchi davlatlar terrorizm, pul yuvish va soxta narsalarga qarshi kurashish salohiyatini kuchaytirishga chaqirdi, yadro qurolidan holi dunyoga intilishlarini e’lon qildi va G20 ning global iqtisodiy boshqaruvdagi yetakchi rolini saqlab qolishga intilishini bildirdi.
Shuningdek, davlat rahbarlari BMT Xavfsizlik kengashini isloh qilish, Ukraina, Afg‘onistondagi vaziyat va Eron yadroviy muammosini muhokama qilish bo‘yicha munozaralarni faollashtirishga tayyor ekanliklarini ma’lum qildi.
Sammit davomida Rossiya prezidenti Vladimir Putin chaqiriq va tahdidlarning transmilliy xususiyatiga birgalikda javob berish zarurligini aytdi.
“Biz mojarolarni hal qilish, terrorizm, uyushgan jinoyatchilik, jumladan, yangi texnologiyalardan jinoiy maqsadda foydalanish, iqlim o‘zgarishi, xavfli infeksiyalar tarqalishiga qarshi faqat birgalikdagina kurashish mumkinligini bir necha bor ta’kidlaganmiz”, dedi Vladimir Putin.
Prezident, shuningdek, faqat halol va o‘zaro manfaatli hamkorlik “ayrim davlatlarning noto‘g‘ri o‘ylangan, g‘arazli harakatlari tufayli” yuzaga kelgan jahon iqtisodiyotidagi inqirozdan chiqish yo‘lini topishga yordam berishini qo‘shimcha qildi.
Unga ko‘ra, BRICS’ga a’zo besh davlat xalqaro xavfsizlik va barqaror rivojlanishni ta’minlashda samarali hamkorlik qilish uchun ulkan siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy hamda insoniy salohiyatga ega.
Biroq hozirda BRICS davlatlarining xalqaro huquqqa asoslangan ko‘p qutbli dunyoni shakllantirishdagi yetakchiligi har qachongidan ham ko‘proq talab qilinmoqda.
O‘z navbatida Xitoy rahbari Si Szinpin ittifoqqa “yangi qon” olib kirish jarayonini tazlashtirishga chaqirdi.
“So‘nggi yillarda ko‘plab davlatlar BRICS’ga qo‘shilish istagini bildirdi. Assotsiatsiyamizga yangi qon kiritib, biz BRICS’ga yangi hayotiylik olib kelamiz. Bu yil biz turli formatlarda kengayish masalasini qayta-qayta muhokama qildik, hamfikrlarimiz BRICS oilasiga tezroq qo‘shilishi uchun bu jarayonni tezlashtirishimiz kerak”, - deya qo‘shimcha qildi u.
Shuningdek, Xitoy rahbari ayrim davlatlarning harbiy ittifoqlarni kengaytirishga urinishlarini beqarorlik deb atadi. Bundan tashqari, Si Szinpin bir tomonlama sanksiyalarga qarshi kurashishga chaqirdi.
Ma’lumot uchun, Xitoy raisligidagi bo‘lib o‘tadigan 14-BRICS sammiti payshanba kuni videokonferensiya orqali ish boshladi. Sammitda assotsiatsiya mamlakatlari rahbarlari — Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Hindiston bosh vaziri Narendra Modi, Braziliya prezidenti Jair Bolsonaro, Janubiy Afrika prezidenti Siril Ramafosa ishtirok etmoqda. Sammitga XXR raisi Si Szinpin raislik qilyapti.
May oyi o‘rtalarida Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I Xitoy tomoni BRICS’ni kengaytirish jarayonini boshlashni taklif qilayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu tashkilotning ochiqligi va inklyuzivligini namoyish etishga, rivojlanayotgan mamlakatlarning umidlariga javob berishga, assotsiatsiyaning vakillik va ta’sirini oshirishga yordam beradi, tinchlik va taraqqiyotni saqlashga yanada katta hissa qo‘shadi. Hozirda BRICS tarkibiga Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika kiradi.