BRICS davlatlari yangi zahira valyuta yaratish ustida ishlamoqda - Putin

BRICS davlatlari o‘zaro savdo sotiqni kengaytirmoqda, yangi xalqaro to‘lov mexanizmlarini yaratmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 23-iyun - Sputnik. BRICS (BRIKS) davlatlari tomonidan yangi xalqaro rezerv valyuta yaratish ustida ish olib borilmoqda, dedi Rossiya prezidenti Vladimir Putin, tashkilot Ishbilarmonlari forumida.
Shuningdek ushbu davlatlar hamkorlikda o‘zaro savdo-sotiqni amalga oshirish maqsadida xalqaro hisob-kitobning ishonchli mexanizmini yaratish ustida ish olib borilmoqda. Rossiyaning banklararo axborot almashish tizimi hamkorlar uchun ochiq.
“Rossiyaning "Mir" to‘lov tizimidan foydalanish geografiyasi kengaymoqda. Mamlakatlarimiz valyuta savatchasi asosida xalqaro zaxira valyutasini yaratish masalasi ishlab chiqilmoqda”, — dedi prezident.
Putin aytishiga ko‘ra, turli cheklovlarga qaramasdan BRIKS ishbilarmon doiralari savdo, moliyaviy va sarmoyaviy sohalarda o‘zaro manfaatli aloqalarni izchil kengaytirib bormoqda. 2022-yilning dastlabki uch oyida Rossiya Federatsiyasining "beshlik" mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 38 foizga o‘sdi – 45 milliard dollargacha, deya qo‘shimcha qildi Rossiya prezidenti.
“Rossiya ishbilarmon doiralari BRIKSga a’zo davlatlar biznes hamjamiyatlari bilan kelishilgan holda transport infratuzilmasini rivojlantirish, logistika yo‘nalishlarini qayta qurish va yangi ishlab chiqarish zanjirlarini yaratish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rmoqda”, — dedi Putin.
Shuningdek, u Rossiya ishbilarmon doiralari va BRIKS mamlakatlari ishbilarmon doiralari o‘rtasida aloqalar faollashayotganini, xususan, Rossiyada Hindiston tarmog‘i do‘konlarini ochish, Rossiya bozorida Xitoy avtomobillari, uskunalari va mexanizmlari ulushini oshirish bo‘yicha muzokaralar olib borilayotganini qo‘shimcha qildi.
O‘z navbatida, Rossiyaning "beshlik" mamlakatlaridagi ishtiroki ham kengayib bormoqda. Rossiyadan Xitoy va Hindistonga neft yetkazib berish hajmi ortib bormoqda, qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik jadal rivojlanmoqda, dedi Rossiya prezidenti.
Bundan tashqari, Rossiya BRIKS mamlakatlariga katta hajmdagi o‘g‘itlarni eksport qiladi. Rossiyaning IT-kompaniyalari Hindiston va Janubiy Afrikada o‘z faoliyatini kengaytirmoqda. Rossiya sun’iy yo‘ldoshlari esa hozirdanoq Braziliyadagi 40 million aholini teleko‘rsatuvlar bilan ta’minlamoqda, deya qo‘shimcha qildi Putin.
Ma’lumot uchun BRICS (BRIKS) Rossiya tashabbusi bilan 2006-yilning sentabr oyida tashkil qilingan. Uning tarkibiga Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika kiradi.