TOShKENT, 22-iyun — Sputnik. Olimlar Quva shahristonida milodiy X-XII asrlarda sodir bo‘lgan kuchli yong‘in oqibatlarini aniqlashdi. Bu haqda Madaniy meros agentligi xabar berdi.
Quva shahristonida Farg‘ona Davlat Universiteti olimlari tomonidan arxeologik tadqiqot olib borilmoqda.
Arxeologlar ma’lum qilishicha, ochib o‘rganilgan hududda kuchli yong‘in sodir bo‘lgan.
Yong‘in oqibatida uylarning devori kuygan, to‘sinlar yonib polga qulagan. Devorlar qattiq shikaslanib, tartibsiz qulab tushgan. Natijada aniq shakldagi uy qoldig‘ini ajratib olish murakkab kechmoqda.
Ma’lumot uchun, Quva shahristoni miloddan avvalgi VI-Vasrlarda shakllangan. Uning gurkirab yashnagan davri milodiy X-XII asrlarga to‘g‘ri keladi.
Bu vaqtda Quvaning umumiy maydoni 200 gektardan ortib ketgan bo‘lsa, hozirda uning 15 gektarga yaqin hududi saqlanib qolgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya va O‘zbekiston olimlari Farg‘onada arxeologik tadqiqotlar olib borishgani haqida xabar berilgandi. Tadqiqotlar natijasida Farg‘onaning qadimgi Sho‘rkol, Uzunko‘l, Achchiq ko‘l hududlarida olib borilgan dala izlanishlari natijasida tosh artefaktlar va sopol buyumlar parchalari topilgan.