TOShKENT, 16-iyun - Sputnik. Ukraina poytaxtidagi Yuriy Gagarin ko‘chasi amerikalik astronavt Nil Armstrong sharafiga o‘zgartirilgandan keyin, mamlakat prezidenti Vladimir Zelenskiyning navbatdagi qadami Kiyev nomini AQSh Davlat kotibi o‘rinbosari sharafiga Nuland deb o‘zgartirish bo‘ladi. Bu haqda Rossiya Davlat dumasi spikeri Vacheslav Volodin o‘zining Telegram-kanalida qayd etdi.
Duma spikerining so‘zlariga ko‘ra, 2014-yilning fevralida bo‘lib o‘tgan Ukrainadagi davlat to‘ntarishidan so‘ng Kiyev rasmiylari tarixni doimiy ravishda qayta yozmoqda.
Bundan tashqari, to‘ntarishdan so‘ng maktablar va universitetlar talabalarga Ukraina uchun Ulug‘ Vatan urushi bo‘lmagani — faqat Ikkinchi jahon urushi bo‘lganini o‘qtirgan. Shuningdek, mamlakat G‘alaba bayramini G‘arbga moslashish maqsadida 9-mayda emas, balki 8-mayda nishonlay boshlagan.
“Ukrainada Georgiy lentasi taqiqlangan va natsist tashkilotlari ulug‘lana boshlangan”, deya ta’kidladi Volodin.
Uning ta’kidlashicha, neonatsistlar rejimi o‘z xalqining tarixini yo‘q qilib, Ukrainani AQSh mustamlakasiga aylantirgan.
15 iyun kuni ekspert komissiyasi Kiyevdagi Yuriy Gagarin ko‘chasini amerikalik astronavt Nil Armstrong sharafiga o‘zgartirishni taklif qildi. Shuningdek, rasmiylar Ukraina poytaxtida joylashgan Ulug‘ Vatan urushi qatnashchisi Volodya Dubinin ko‘chasini amerikalik yozuvchi Rey Bredberi nomiga almashtirmoqchi.
“Zelenskiy uchun navbatdagi qadam Kiyev nomini Nulandga o‘zgartirish bo‘lishi kerak (Maydonda shirinlik tarqatgan AQSh Davlat kotibi o‘rinbosari sharafiga)”, deydi Volodin.
Avvalroq, Rossiya Davlat dumasi spikeri Ukraina 2014-yilda sodir bo‘lgan davlat to‘ntarishidan boshlab parchalanayotganini aytgan edi.