TOShKENT, 15-iyun — Sputnik. Rossiya Qurolli kuchlari “Kalibr” qanotli raketalari yordamida Lvov viloyatida NATO davlatlari tomonidan Ukrainaga yetkazilgan qurollar uchun o‘q-dorilar omborini yo‘q qildi. Bu haqda bugun bo‘lib o‘tgan brifingda Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi rasmiy vakili Igor Konashenkov ma’lum qildi.
“Lvov viloyatining Zolochev qishlog‘i yaqinida yuqori aniqlikdagi uzoq masofali “Kalibr” raketalari Ukrainaga NATO mamlakatlari tomonidan yetkazib berilgan xorijiy qurollar, jumladan 155 millimetrlik M777 gaubitsalar saqlanayotgan o‘q-dorilar omborini yo‘q qildi”, - dedi general-leytenant.
Bundan tashqari, bir kunda Aerokosmik kuchlar tomonidan to‘rtta shunday gaubitsa yo‘q qilindi.
Amerika Qo‘shma Shtatlari, Kanada va Avstraliya ushbu Amerikada ishlab chiqarilgan artilleriya moslamalarini Ukrainaga yetkazib berdi. Ukraina Qurolli kuchlari ulardan aholi punktlariga hujum qilish uchun foydalanmoqda. Xususan, Lugansk Xalq Respublikasining Rubijne shahri ushbu gaubitsalar orqali o‘qqa tutildi. Oqibatda 14 yoshli o‘smir halok bo‘ldi, yana bir qancha tinch aholi vakillari yaralandi.
“Kalibr” (NATO tasnifiga ko‘ra SS-N-27 Sizzler) –Yekaterinburgdagi “Novator” konstruktorlik burosi tomonidan ishlab chiqilgan Rossiya qanotli raketasi. Kompleks 2012-yilda Rossiya dengiz flotiga foydalanish uchun topshirilgan.