O‘zbekiston qilichbozlari Osiyo chempionatida kumush medal sohibi bo‘ldi

Jamoa finalda Koreya Respublikasi vakillariga qarshi maydonga tushdi va bellashuv 38:35 hisobida koreyalik qilichbozlarning g‘alabasi bilan yakunlandi.
Sputnik
TOShKENT, 14-iyun — Sputnik. O‘zbekistonlik qilichbozlar Seulda davom etayotgan qilichbozlik bo‘yicha Osiyo chempionatidagi ishtirokini kumush medal bilan yakunlashdi. Bu haqda Milliy Olimpiya qo‘mitasi xabar berdi.
Koreya Respublikasining Seul shahrida qilichbozlik bo‘yicha Osiyo chempionati davom etmoqda. Shpaga dasturida jamoaviy yo‘nalishda bellashayotgan o‘zbekistonlik shpagachilar ilk bor qit’a birinchiligi finaliga yo‘l olishdi.
Jamoa finalda Koreya Respublikasi vakillariga qarshi maydonga tushdi va bellashuv 38:35 hisobida koreyalik qilichbozlarning g‘alabasi bilan yakunlandi.
“Qilichbozlarimiz ilk bor final bosqichda ishtirok etishdi. Bu esa jamoamiz uchun kelgusida kutib turgan finallar oldidan katta tajriba bo‘ldi”, - deyilgan xabarda.
Qayd etish joiz, sportchilar musobaqani Quvayt ustidan qozonilgan g‘alaba bilan boshlashdi. Chorak finalda Qozog‘iston, yarim finalda tarkibi Tokio-2020 chempionlaridan iborat Yaponiya terma jamoasini mag‘lubiyatga uchratishgandi.
Jamoa tarkibi: Roman Aleksandrov, Fayzulla Alimov, Nodirbek Mo‘minov, Javohir Nurmatov.