Mutaxassisligi bo‘yicha 5-yil ishlagan xotin-qizlar tavsiyanoma asosida o‘qishga qabul qilinadi

Mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5-yil mehnat staji mavjud, biroq oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlar davlat OTMga alohida qabul parametrlari doirasida to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadi.
Sputnik
TOShKENT, 9-iyun — Sputnik. O‘zbekistonda mutaxassisligi bo‘yicha 5-yil ish stajiga ega xotin-qizlar tavsiyanoma asosida o‘qishga qabul qilinadi. Hukumat qarori bilan tegishli nizom tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5-yil mehnat staji mavjud, biroq oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlar davlat OTMga alohida qabul parametrlari (jami 500 ta kvota) doirasida to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadi.
Bunda o‘qishga qabul qilish Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tavsiyanomasi asosida amalga oshiriladi.
Tavsiyanoma olish uchun talabgor quyidagi mezonlarning barchasiga muvofiq kelishi kerak:
o‘rta maxsus yoki professional ta’lim bo‘yicha mutaxassislikka ega bo‘lishi;
tavsiyanoma olgunga qadar oliy ta’lim olmaganligi yoki olmayotganligi;
o‘rta maxsus yoki professional ta’lim mutaxassisligi bo‘yicha 5-yillik mehnat stajiga ega bo‘lishi.
Tavsiyanoma berilgan kundan boshlab 3-yil davomida faqat bir marta OTMga qabul qilinishi uchun amal qiladi.
Tavsiyanoma olish uchun talabgor doimiy yashash yoki vaqtincha ro‘yxatda turgan joyidagi tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlariga har yili 1-maydan 1-iyungacha ariza bilan murojaat qiladi.
Ariza va hujjatlar 7-iyungacha ko‘rib chiqiladi. Shunga ko‘ra, ishchi guruh xulosasi 10-iyungacha Qo‘mitaga taqdim qilinadi.
Hujjatlar Qo‘mita tomonidan 14-iyungacha ko‘rib chiqilib, tavsiyanoma berish yoki uni rad etish to‘g‘risida buyruq chiqariladi.