Mirziyoyev Qozog‘iston prezidentini referendum muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan qutladi

Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi.
Sputnik
TOShKENT, 6-iyun — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.
Mirziyoyev Qozog‘iston prezidentini mamlakat Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha umummilliy referendum muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan samimiy qutlagan.
O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi, mintaqaviy kun tartibi yuzasidan fikr almashildi.
Oliy darajada erishilgan, eng avvalo, ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiyaviy, fan-ta’lim va madaniy-gumanitar hamkorlik loyihalarini ilgari surish bo‘yicha kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Bundan tashqari, mintaqaviy hamkorlik, xalqaro tashkilotlar doirasidagi yaqin va samarali muloqotni davom ettirish istiqbollari muhokama qilindi.
Eslatib o‘tamiz, 5-iyun kuni Qozog‘istonda Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritishga oid referendum bo‘lib o‘tdi. Saylovchilarning 77,18 foizi o‘zgartirish kiritishni yoqlab ovoz bergan. Shu tariqa, respublika Konstitutsiyaning 33 ta moddasiga 50 tadan ziyod o‘zgartirish kiritilishi kutilmoqda. Jumladan, ular Qozog‘istonni superprezidentlik respublikasidan kuchli parlamentga ega prezidentlik respublikasiga o‘tkazishni nazarda tutadi.