TOShKENT, 5-iyun — Sputnik. 3-4 iyun kunlari bosh vazir o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov boshchiligidagi O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi Moskva shahriga tashrif buyurdi.
Ikki kunlik tashrif davomida Rossiyaning bir qator rasmiylari, xususan, Hukumat raisining o‘rinbosari Aleksey Overchuk, tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov hamda iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvlar chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati, amaldagi kelishuvlarning hayotga joriy etilishi, shuningdek, O‘zbekiston-Rossiya munosabatlarini yanada rivojlantirishning muhim jihatlari muhokama qilindi.
Investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, sanoat, transport va logistika hamkorligi masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli sheriklikni chuqurlashtirishning amaliy mexanizmlari bo‘yicha mushtarak pozitsiyalar ishlab chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlarni qiziqtirgan masalalarni hal qilishga qaratilgan navbatdagi tadbirlar bo‘yicha takliflar almashildi. O‘zaro munosabatlarning ko‘rib chiqilgan barcha yo‘nalishlariga doir amaliy hamkorlik qilish yo‘llari to‘g‘risida kelishib olindi.
O‘tgan yil yakuni bo‘yicha O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash uchdan birga ortib, rekord daraja – 7,5 milliard dollarga yetgan. Joriy yil boshidan buyon tovar ayirboshlash hajmi 40 foizga oshgan.
Bugungi kunda O‘zbekistonda Rossiya ishtirokida tashkil etilgan 2 mingdan ortiq qo‘shma korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda, Rossiyadan mamlakat iqtisodiyotiga jalb qilingan investitsiyalar hajmi 10 milliard dollardan ziyodni tashkil etmoqda.