TOShKENT, 4-iyun — Sputnik. "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida temir yo‘l aloqasining qayta tiklanishi yuzasidan axborot berdi.
Unda aytilishicha, 3-iyun kuni Rossiyaning koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha operativ shtabning yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda yig‘ilish kun tartibida Rossiya va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida xalqaro yo‘lovchi poyezdlari harakatini muntazam ravishda tiklash masalasi ko‘rib chiqildi.
Muhokama natijalariga ko‘ra, operativ shtabning a’zolari tomonidan 14-iyundan boshlab temir yo‘l transporti orqali kelgan xorijiy fuqarolarga epidemiologik cheklovlarni bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning axborotiga ko‘ra, ayni paytda, ikki davlat temir yo‘l ma’muriyatlari tomonidan bu masala ishlab chiqilmoqda:
tashuv jarayonini tashkil etish,
yo‘lovchi poyezdlarining harakatlanish jadvalini ishlab chiqish,
yo‘nalishlarini belgilash, yo‘l kiraning narx siyosati va boshqa qator zarur bo‘lgan masalalar ishlab chiqilmoqda.
“Rossiyaga temir yo‘l transporti harakatini tayinlash to‘g‘risidagi xabar va barcha masalalar ishlab chiqilgandan so‘ng darhol e’lon qilinadi”, - deyilgan xabarda.