TOShKENT, 2-iyun — Sputnik. 1 iyun kuni O‘zbekiston tovar-xom ashyo birjasida un mahsuloti bo‘yicha dastlabki ochiq birja savdolari o‘tkazildi.
Birja xabariga ko‘ra, “O‘zdonmahsulot” AJ tarkibidagi 44 ta korxona tomonidan bugungi birja savdolariga 10,0 ming tonna 1-navli un qo‘yilgan va ulardan 8,3 ming tonnasi, ya’ni 83 foizi sotilgan.
Birja savdolarida sotilmagan qoldiq unning hajmi qariyb 1,7 ming tonnani tashkil etgan. Ya’ni birjaning un bozorida taklif yetarli darajada bo‘lgan.
O‘tkazilgan birja savdo yakunlariga ko‘ra 1-navli unning o‘rtacha narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 4,5 mln so‘mni tashkil qildi.
Birjada un bo‘yicha shakllangan kotirovka uning boshlang‘ich narxiga (4,2 mln so‘m) nisbatan 6 foizga o‘sdi.
Un bo‘yicha o‘tkazilgan birja savdolarida jami 2 822 xaridor ishtirok etgan bo‘lib, ulardan 56 tasi Toshkentda non ishlab chiqaruvchi korxonalar hisoblanadi. Bu korxonalar birjada jami 874 tonna 1-navli un sotib olgan.
Eslatib o‘tamiz, 1-iyundan davlat g‘allani bozor narxlarida sotib olishni boshladi.