Energetika islohotlarining maqsadi tushuntirib berildi

Ijtimoiy normalarni kiritishdan maqsad - aholi uchun nisbatan arzon narxlarni saqlab qolish bilan birga, ko‘p energiya iste’mol qiladigan uy xo‘jaliklari (boylar) va biznes uchun narxlarni oshirish.
Sputnik
TOShKENT, 1-iyun - Sputnik. O‘zbekistonda boshlangan energiya islohotlarining asl maqsadi, hamda aholi uchun bu qanday o‘zgarishlarga olib kelishi AOKAda "O‘ztransgaz" va "Hududgazta’minot" AJ rahbariyati, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish, Energetika va Moliya vazirliklari vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida tushuntirib berildi.
Brifingda ma’lum bo‘lishicha, ushbu islohotning asl maqsadi, aholi uchun nisbatan arzon narxlarni saqlab qolish bilan bir vaqtda, ko‘p energiya iste’mol qiladigan uy xo‘jaliklari (boylar) va biznes uchun narxlarni oshirish.
Birinchidan, aholi uchun ijtimoiy meyorlar kutilganidan ham ziyoda belgilanmoqda. Ya’ni, ijtimoiy norma miqdori elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha 250 kVt soatgacha, tabiiy gaz bo‘yicha mavsumiylik nuqtayi nazaridan kelib chiqib, aprel-sentabr oylari uchun 200 kub metrgacha va oktabr-mart oylari uchun 700 kub metrgacha o‘rnatiladi. Avvalroq elektr uchun oyiga 200 kVt.soat, gaz uchun esa 500 kub metrgacha ijtimoiy norma belgilanishi kutilgandi.
Ikkinchidan, aholi uchun ijtimoiy norma doirasidagi tariflarning arzonligi ta’minlanadi. 1 kVt soat elektr energiyasi iste’moli oyiga 250 kVt soatgacha – 325 so‘m etib belgilanadi. 1 kub m tabiiy gaz iste’moli oyiga isitish mavsumida 700 kub metrgacha – 410 so‘m, isitish mavsumidan tashqari davrda 200 kub metrgacha – 410 so‘m.
Uchinchidan, boylar va biznes energiya iste’moli uchun qimmat to‘laydi. Masalan, aholiga ijtimoiy normadan tashqari iste’mol elektr uchun 1 kVt soat – 650 so‘m, gaz esa, har 1 kub metr uchun – 1 200 so‘m. Biznes esa elektr uchun har kVt soat uchun 600 so‘mdan, gaz uchun esa har kub m uchun 1150 so‘mgacha to‘laydi. Alohida iste’molchilar - Navoiy KMK, Olmaliq KMK va budjet tashkilotlari uchun tariflar yanada qimmatroq o‘rnatilgan.
To‘rtinchidan, biznes uchun oldindan oriyentir va targetlar berilmoqda. Kelasi yil 1-apreldan biznes uchun elektr narxlari 700 so‘mgacha, gaz narxlari esa 1200 so‘mgacha oshiriladi. 2024 va 2025-yillarda tariflar faqatgina inflyatsiya darajasiga indeksatsiya qilib boriladi. Va nihoyat 2026-yildan boshlab elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gazning ulgurji bozoriga o‘tiladi hamda narxlar erkin shakllanadi.
Matbuot anjumanida "O‘ztransgaz" AJ boshqaruv raisi - Behzod Normatov "Hududgazta’minot" AJ boshqaruv raisi - Bahodir Eshmurodov Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri o‘rinbosari - Bobur Abdunazarov Energetika vazirining elektr energetika tarmog‘ini isloh qilish bo‘yicha loyiha ofisi direktori o‘rinbosari - Bahrombek Umarbekov Moliya vaziri o‘rinbosari - Jamshid Abro‘yev
Eslatib o‘tamiz, 31-may kuni Normativ - huquqiy hujjatlarni muhokama qilish portaliga O‘zbekiston energetika tizimiga ijtimoiy norma tushunchasini kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi joylashtirilgan edi. Unga ko‘ra, aholi uchun elektr va gazdan foydalanishning ijtimoiy normasi belgilanadi. Normadan ortgan miqdor uchun ikki yoki undan ortiq baravar qimmatroq haq to‘lanadi.
Birinchi iyuldan elektr va gaz bo‘yicha tabaqalashtirilgan tariflarga o‘tiladi – tafsilotlar