Parrandachilik xo‘jaliklariga kredit ajratiladi

Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi orqali kredit garovining 50 foiziga kafillik beriladi.
Sputnik
TOShKENT, 31-may — Sputnik. 1-iyundan boshlab parrandachilik xo‘jaliklariga bug‘doy sotib olish uchun 400 milliard so‘m “revolver” kredit ajratiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash chora-tadbirlariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda dunyoda oziq-ovqat bilan bog‘liq cheklovlar va narxlarning o‘sishi kun sayin kuchayayotgani ta’kidlandi. Jahon bozorlarida bug‘doy narxi 50 foizga, o‘simlik yog‘i 33 foizga, shakar 14 foizga, neft 47 foizga oshdi. Bu mamlakatdagi narx-navoga ham ta’sir ko‘rsatayapti.
Shu bois yig‘ilishda asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish, jumladan, parrandachilik va chorvachilikni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama etildi.
Ta’kidlanishicha, arzon, to‘yimli va tez yetishtiriladigan mahsulotlar bu parranda go‘shti va tuxumdir. Lekin, ko‘p viloyatlarda parranda go‘shti aholi talabiga yarasha yetishtirilmayapti. Bu yo‘nalishdagi 50 dan ziyod yirik korxona yarim quvvatda ishlamoqda. Ularni ozuqa, jumladan, bug‘doy bilan ta’minlashda qiyinchiliklar mavjud.
Bu masalani hal etish uchun aniq chora-tadbirlar belgilandi.
Xususan, 1-iyundan boshlab parrandachilik xo‘jaliklariga bug‘doy sotib olish uchun 400 milliard so‘m “revolver” kredit ajratiladi. Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi orqali kredit garovining 50 foiziga kafillik beriladi va 17 foizidan oshgan qismi kompensatsiya qilinadi.
Shuningdek, parrandachilik xo‘jaliklariga aylanma mablag‘ uchun beriladigan kredit muddatini uzaytirish taklifi bildirildi.
Parranda mahsulotlari bozorini tahlil qilish va loyihalarni to‘g‘ri joylashtirish, ishlab chiqarishdan sotishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni raqamlashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Parranda go‘shti ishlab chiqaruvchilariga qo‘shimcha subsidiya beriladi
Yig‘ilishda xonaki tovuqlarni kooperatsiya asosida boqish tajribasini kengaytirib, parrandachilik xo‘jaliklarini muayan mahallalarga biriktirish, aholiga parrandachilik bo‘yicha o‘quvlar tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.
Bunday xo‘jaliklarga har bir mahalla uchun oilaviy tadbirkorlik dasturlari asosida 200 million so‘mdan imtiyozli kreditlar ajratiladi. Ular bu mablag‘ hisobidan aholini jo‘jalar va ozuqa bilan ta’minlaydi.