TOShKENT, 31-may — Sputnik. “Gazprom” Niderlandiyaning GasTerra kompaniyasiga yangi sxemaga ko‘ra to‘lovni rublda amalga oshirishdan bosh tortgani uchun gaz yetkazib berishni to‘liq to‘xtatdi. Bu haqda Rossiya kompaniyasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
“Gazprom eksport” 30-may kuni holatiga ko‘ra GasTerra B.V.dan aprelda gaz yetkazib berganlik uchun to‘lovni Rossiya prezidentining 31-mart 2022-yildagi 172-farmoniga muvofiq olmadi”, - deyilgan xabarda.
Kuni kecha Niderlandiya kompaniyasi Rossiya gazi uchun to‘lovni rublda to‘lashdan bosh tortishini ma’lum qilgan edi. Shundan so‘ng “Gazprom” uni 31-maydan gaz yetkazib berilmasdigi haqida xabardor qilgan.
Aprel oxirida “Gazprom” Bolgariya va Polshaga ular to‘lovni belgilangan muddatda rublda amalga oshirmaganlari sabab gaz yetkazib berish to‘liq to‘xtatgan edi. 21-may kuni esa Finlyandiyaga gaz yetkazib berish to‘xtatildi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin mart oxirida do‘st bo‘lmagan barcha davlatlarga tabiiy gazni faqat rublda sotishni nazarda tutuvchi farmonni imzoladi.
Bu tartib 1-apreldan boshlab kuchga kirdi va to‘lov amalga oshirilmagan taqdirda gaz yetkazib berilmaydi va bu sherik mamlakatlar tomonidan gaz shartnomalari bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaslik deb hisoblanadi.
“Gazprombank” xorijiy xaridorlar bilan hisob kitob qilish uchun maxsus valyuta va rubl hisob raqamlari ochgan. Bunda mijoz shartnomada ko‘rsatilgan valyutada hisob raqamiga to‘lovni amalga oshiradi, bank esa uni Moskva birjasida valyutani sotib, xaridor hisob raqamiga rublda mablag‘ kirim qiladi. Shu tarzda xaridor gaz yetkazib beruvchi bilan hisob-kitobni amalga oshiradi.