TOShKENT, 27-may — Sputnik. O‘zbekistonlik yosh avtopoygachilar Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan karting bo‘yicha chempionatda g‘olib bo‘lishdi. Bu haqda Sportni rivojlantirish vazirligi xabar berdi.
Musobaqa “Sokol” xalqaro poyga maydonida o‘tkazildi. O‘zbekistonlik yosh avtopoygachi Yasmina Egamberdiyeva “OK-junior” karting yo‘nalishi bo‘yicha Qozog‘iston chempionatining birinchi bosqichida o‘smirlar toifasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
“Ushbu musobaqa 14 yoshlik sportchining respublikadan tashqarida ishtirok etgan debut musobaqasi bo‘ldi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, yana bir yosh poygachi Amir Hamrayev ushbu musobaqada ikkinchi marotaba qatnashdi va “super-mini” yo‘nalishida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Ma’lumot uchun, 2020-yildan boshlab, “National automobile club of Uzbekistan”ga a’zo bo‘lgan o‘zbekistonlik avtopoygachilar xalqaro va hududiy avtosport musobaqalarida ishtirok etib kelishmoqda.