Misrlik talaba qiz Qur’onni to‘liq ko‘chirib yozdi

Hojarga Qur’onni usmonli yozuvida yozishda otasi yordam bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu ish jamiyatdagi xotin-qizlarga namuna bo‘lish uchun qilingan.
Sputnik
TOShKENT, 27-may — Sputnik. Misrlik xattot talaba qiz Hojar Abdul Rauf Abdul Halim to‘rt yarim oy ichida Qur’onni to‘liq qo‘lda ko‘chirib yozdi va Qur’onni ko‘chirib yozgan birinchi qiz bo‘ldi, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi.
“Hojar Al-Azhar islom universiteti talabasi. Bu talabaning Qur’on bo‘yicha navbatdagi yutug‘i hisobanadi. U dastavval Qur’onni to‘liq yod oldi. Shundan so‘ng, bu ishga astoydil kirishdi”, deyiladi xabarda.
Hojarga Qur’onni usmonli yozuvida yozishda otasi yordam bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu ish jamiyatdagi xotin-qizlarga namuna bo‘lish uchun qilingan.
Aytilishicha, Hojar san’at asarini nashr etmoqchi. U yaqin kunlarda Islom tadqiqot assambleyasidan ruxsat olish maqsadida Al-Azhar rahbari shayx Ahmad al-Toyib bilan uchrashadi.
Ma’lumot uchun, Sharqda, jumladan, Markaziy Osiyoda kitob bosish uskunalari ixtiro qilinganiga qadar kitoblar nusxalarni ko‘paytirish bilan xattotlar shug‘ullangan.
Eslatib o‘tamiz, yaqinda Samarqandlik hattot Abdujalil Ergashev 60x80 hajmdagi katta Qur’on kitobini ko‘chirib yozgandi. U ulug‘ kalomlar bitilgan kitobni uch yil mobaynida 310 varaqqa (2 tomonlama), 620 sahifada arab kufi xatida yozishga muvaffaq bo‘lgan.