TOShKENT, 26-may — Sputnik. “Ayollar daftari”, “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” kabi maxsus daftarlarga kiritilgan va xorijdan qaytgan mehnat migrantlari dehqonchilik faoliyatini boshladi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.
24 may holatiga maxsus daftarlarga kiritilgan 65 893 nafar fuqaro elektron savdolar orqali ijara uchun qo‘yilgan 14 038 gektar yerni yutib olishdi.
1 mart sanasidan keyin xorijdan qaytgan mehnat migrantlari esa 13 637 ta lot bo‘yicha g‘olib bo‘ldi. Ularga dehqon xo‘jaligi maqsadlari uchun 2 024 gektar yer ijaraga berildi.
Endilikda ushbu yer maydonlarida kartoshka va boshqa sabzavot, poliz, moyli, dukkakli ekinlar yetishtiriladi.
“Tegishli qarorlarga asosan, qishloq xo‘jaligi yerlarini ijaraga berishda ro‘yxatda turgan barcha ehtiyojmand oilalar, mehnat migrantlariga alohida ustuvorlik berildi. Ular uchun qo‘llaniladigan koeffitsiyentlarni 1,3 ballgacha ko‘paytirish va shu bilan tanlovlarda ishtirok etayotgan boshqa talabgorlarga nisbatan 30 foiz ustunlik berish yo‘lga qo‘yildi”, - deyiladi xabarda.
Aholining mazkur qatlamlariga nisbatan qo‘shimcha imkoniyat beruvchi 1,1 ballga teng koeffitsiyent qo‘llaniladi va tanlovda ishtirok etishda zakalat to‘lovidan ozod etiladi.