TOShKENT, 22-may — Sputnik. Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyati Kosonsoy tumaniga 22-may kuni sel kelgani haqida xabarlar tarqaldi. Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi holat yuzasidan munosabat bildirdi.
Xabarda yozilishicha, shu kuni viloyatda yoqqan yomg‘ir oqibatida Kosonsoy tumanidagi Kosonsoy soyiga yomg‘irdan to‘plangan suvlar kelgan. Bundan hududdagi aholi yashash xonadonlari, ekin maydonlari hamda boshqalarga zarar yetmagan.
“Hozirda viloyatdagi soylar to‘liq nazoratga olingan hamda sel kelish xavfining oldini olish, uni bartaraf etish maqsadida Namangan viloyati FVB kunu tun shay holatda”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, kuchli yomg‘ir yog‘ishi oqibatida Kosonsoyning To‘raqo‘rg‘on tumani hududidan oqib o‘tuvchi qismiga ham sel kelgan. Tuman hokimligi va FVBning tezkor guruhi selni aholi hamda ekin yerlariga ziyon yetkazmasligini nazorat qilib turgan.
Kosonsoyning To‘raqo‘rg‘on tumani hududidan oqib o‘tuvchi qismiga sel keldi
© Foto: To‘raqo‘rg‘on tumani hokimligi
Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlarda kuchli yomg‘ir sabab Chust tumanidagi xonadonlarni suv bosgani aks etgan videolar tarqalmoqda.
Namangan Gidrometrologiya boshqarmasi xabariga ko‘ra, mahalliy vaqt soat 09:20 dan 11:30 ga qadar Chust tumani Karkidon qishlog‘idagi kuzatuv postida umumiy 38 mm yog‘in yoqqan. Bu tumanda may va iyun oyida yog‘adigan umumiy ikki oylik yog‘in miqdoriga teng.