TOShKENT, 21-may - Sputnik. Prezident Jo Bayden 20-may kuni AQShning O‘zbekistondagi yangi elchisi nomzodini e’lon qildi, deb xabar qilmoqda O‘zA, AQSh OAViga asosan.
"AQSh rahbari Jo Bayden mamlakatning O‘zbekistondagi navbatdagi elchisi sifatida uzoq yillik tajribaga ega diplomat Jonatan Henik nomzodini ko‘rsatdi", - deyilgan xabarda.
Nomzod Kongressning yuqori palatasi, Senat tasdig‘idan o‘tishi kerak. Amerikaning Toshkentdagi hozirgi elchisi Daniyel Rozenblum faoliyatini boshlaganiga uch yildan oshdi.
Jonatan Henik (Jonathan Henick) - Kolumbiya universitetida xalqaro aloqalar bo‘yicha magistrlik darajasiga va Gavaya universitetidan Phd darajasiga ega. U AQSh Tashqi ishlar vazirligida 20-yildan buyon ishlaydi. Henik Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha Davlat kotibi yordamchisi o‘rinbosari va jamoatchilik diplomatiyasi bo‘yicha direktor vazifalarida ishlab kelgan.
Jonatan Henik, AQShning Ozarbayjon, Turkiya, Portugaliya va O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalarida ham xizmat qilgan. Asli Nyu-Yorkdan bo‘lgan Henik rus, portugal, turk va ozarbayjon tillarini biladi.