Toshkentda Rossiya tibbiyot universiteti filiali ochiladi

Pirogov nomidagi Rossiya MTTU O‘zbekistonda litsenziya olishi bilan talabalarni qabul qilishni boshlaydi.
Sputnik
TOShKENT, 20-may – Sputnik. Tez orada O‘zbekiston poytaxtida N. I. Pirogov nomidagi Rossiya Milliy tadqiqot tibbiyot universiteti (RNIMU) filiali ochiladi. Bu haqida Rossiya universiteti vakillari Sputnik muxbiriga ma’lum qilishdi.
"Hozirda universitetning Toshkent shahridagi filiali litsenziyalash jarayonidan o‘tmoqda. Litsenziya olishimiz bilanoq biz talabalarni qabul qilishni boshlaymiz", dedi universitetning qabul komissiyasi xodimi Anton Yeliseyev "Ta’lim va kasb 2022" ko‘rgazmasi doirasida.
Yeliseyevning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda o‘zbeklar orasida eng ommabop tibbiyot yo‘nalishlari bu - umumiy tibbiyot, stomatologiya va pediatriyadir.
Eslatib o‘tamiz, bir yil oldin Rossiya va O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirliklari Toshkentda Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universiteti filialini tashkil etish bo‘yicha kelishib olgan edi.
N. Pirogov nomidagi Rossiya Milliy tadqiqot tibbiyot universiteti shifokorlar, farmatsevtlar va klinik psixologlar tayyorlanadigan milliy ilmiy tadqiqot markazidir.
O‘zbekiston Rossiya oliy o‘quv yurtlari filiallari soni bo‘yicha yetakchi respublikalardan biridir. Bugungi kunda O‘zbekistonda Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti, Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti, Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnika universiteti, Gertsen nomidagi davlat pedagogika universiteti, VGIK, MISiS, MIFI va MGIMO filiallari ishlamoqda.
Shuningdek, yil boshida Rossiya ta’lim muassasalaridan 44 nafar mutaxassis Toshkentga kelib, Rossiyada oliy ta’lim olishni xohlovchilar bilan suhbat o‘tkazdi.
Shu bilan birga, Rossiya tomonidan o‘zbekistonlik talabalar uchun ajratilayotgan budjet o‘rinlari soni yildan yilga ortib bormoqda: 2020-yilda Rossiya oliy o‘quv yurtlari 228 ta, 2021-yilda esa 430 ta o‘rin ajratgan, yangi o‘quv yilida esa bu ko‘rsatkich deyarli ikki baravar ko‘payadi.