Dam olish kunlari qanday ob-havo kuzatiladi - O‘zgidromet

20-23 may kunlari O‘zbekiston bo‘yicha yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi va shamolning kuchayishi kuzatilishi mumkin.
Sputnik
TOShKENT, 20-may - Sputnik. Gidrometeorologiya xizmati markazi 20-23 maykunlari respublika bo‘yicha yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi va shamolning kuchayishi haqida ogohlantirdi.
20 may kuni O‘zbekiston bo‘yicha havo biroz bulutli bo‘ladi, ba’zi joylarda o‘zgarib turadi, yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat Farg‘ona vodiysi viloyatlarida kunning ikkinchi yarmida va Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida kechga tomon konvektiv bulutlar rivojlanishida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Tog‘oldi va tog‘li hududlarda yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda kuchli bo‘lishi mumkin. Kunduzi havo harorati 27-32 daraja bo‘ladi.
21 may kuni esa respublika hududlariga Kavkaz hududlaridan nam va nisbatan salqin havo massalari kirib kelishi boshlanadi. Qoraqalpog‘istonda, Xorazm viloyatida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Farg‘ona vodiysi viloyatlarida va kechga tomon Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo viloyatlarida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Respublikaning qolgan hududlarida harorat 27-32 daraja atrofida bo‘lgan quruq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda.
Yakshanba kuni nam va nisbatan salqin havo massalari kirib kelishi respublikamizning barcha hududlariga tarqaladi. Ko‘pchilik viloyatlarda jala yomg‘irlar yog‘adi, tog‘oldi va tog‘li hududlarda kuchli bo‘ladi. Qoraqalpog‘istonda, Xorazm viloyatida yog‘ingarchilik kutilmaydi, Buxoro, Navoiy viloyatlarida esa ertalab yomg‘ir to‘xtaydi. Havo harorati kunduz kuni 18-23 darajagacha pasayadi, bu meyordan 4-6 darajaga pastdir.
20-22 mayda respublika bo‘yicha shamol 15-20 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda, 21-mayda shimolda va cho‘l hududlarida, 22-mayda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda 23-28 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zon kuzatilishi mumkin.
23 may, dushanba kuni respublikaning deyarli barcha hududlarida kam bulutli va quruq ob-havo kuzatiladi, faqat Farg‘ona vodiysi viloyatlarida kechasi va ertalab ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.
Kechasi va ertalab havo harorati sezilarli darajada pasayadi va 10-13 daraja atrofida bo‘ladi, kunduz kuni esa quyosh nurlari havoni 23-28 darajagacha isitadi.
20-23 mayda respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi ehtimoli bor.