O‘zbekiston olimlari pomidorning yangi navini ixtiro qilishdi

O‘zbekistonda pomidorning yangi “Universal” navi ixtiro qilindi.
Sputnik
TOShKENT, 14-may — Sputnik. O‘zbekistonda pomidorning yangi “Universal” navi ixtiro qilindi, deb xabar qildi Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati.
Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutining bir qator seleksioner olimlari Yekaterina Lyan, Rustam Nizomov, Shermuhammad Aminov va Jamil To‘rayevlarning 10-yillik samarali mehnati natijasida ochiq maydon va issiqxonada yetishtirishga mos pomidor navi ixtiro qilindi.
Navga “Universal” nomi berildi.
Yangi nav o‘rtapishar bo‘lib, o‘suv davri 120-122 kunni tashkil etadi. Asosiy poyasining uzunligi issiqxonada 2,0-2,5 metr, ochiq maydonda 1,5-1,8 metrgacha yetadi, shoxlanishi va barglanishi esa o‘rtacha. Bargi oddiy, to‘q yashil, o‘rtacha burmali. Birinchi to‘pguli 8-9 bug‘inlarda joylashgan. Mevasi yassi yumaloqsimon, yuzasi silliq, qizil. Pomidor vazni 100-120 g, meva asosi kichik chuqurchali. Urug‘xonasi 4-5 ta. Degustatsion bahosi 4,9 balldan iborat.
Tarkibida quruq modda miqdori 4,8%, umumiy qand 4,2%, askorbin kislotasi 24,2%. Hosildorligi: issiqxonada 15-18 kg/m2; ochiq maydonda 38-42 t/ga ni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich boshqa navlardan 15-20% yuqori degani.