Vladimir Norov MDH TIV rahbarlarini Afg‘onistonga bag‘ishlangan anjumanga taklif qildi

Iyul oyi oxirida Toshkent shahrida Afg‘oniston bo‘yicha oliy darajada xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi.
Sputnik
TOShKENT, 13-may - Sputnik. Iyul oyi oxirida Toshkent shahrida Afg‘oniston bo‘yicha oliy darajada xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri vazifasini boshqaruvchi Vladimir Norov Dushanbe shahrida bo‘lib o‘totgan MDH tashqi ishlar vazirlari Kengashining majlisida ma’lum qildi.
“Afsuski, xalqaro hamjamiyatning Afg‘onistondagi vaziyatga e’tibori susayganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Ayni paytda u yerdagi vaziyat og‘ir iqtisodiy inqiroz va qiyin gumanitar vaziyat keskinligicha qolib, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikka tahdidlar saqlanib qolmoqda”, deydi Norov.
Unga ko‘ra, hamjamiyat ushbu mamlakatning bugungi kuni va kelajagi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishi hamda Afg‘onistonning og‘ir ijtimoiy muammolarini hal qilishda yordamni davom ettirishga qaratilgan aniq choralarni ko‘rishi kerak.
“Joriy yil iyul oyi oxirida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Afg‘oniston bo‘yicha oliy darajadagi xalqaro konferensiya ushbu masalalarni dolzarblashtirish va har tomonlama muhokama qilish uchun qulay imkoniyat yaratadi”, deya ta’kidladi siyosatchi.
Shuningdek, Vladimir Norov MDH tashqi ishlar vazirlarini Afg‘on muammosini hal etish borasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirish maqsadida ushbu muhim tadbirda ishtirok etishga taklif qildi.
Ma’lumot uchun, Muqaddas Ramazon hayiti arafasida O‘zbekistondan Afg‘onistonga 58 vagondan iborat, 4 ming tonnadan ortiq oziq-ovqat, dori-darmon va kiyim-kechak yuklangan yana bir gumanitar yordam poyezdi jo‘natildi.