TOShKENT, 11-may — Sputnik. Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitalida ilk bor buyrak transplantatsiya amaliyoti o‘tkazildi.
Mudofaa vazirligi matbuot xizmatining Sputnik muxbiriga ma’lum qilishicha, jarrohlik amaliyoti buyrak yetishmovchiligi xastaligi sabab harbiy xizmatdan zaxiraga o‘tkazilgan serjant Shuhrat Ziyotovda o‘tkazilgan. Unga uning turmush o‘rtog‘i donor bo‘ldi. Amaliyot 7 soatdan oshiq vaqt davom etgan.
V voyennom gospitale vpervie proveli operatsiyu po peresadke pochki
© Ministerstvo oboroni Uzbekistana
Bemor Shuhrat Ziyotov 18-yildan ortiq vaqt davomida harbiy xizmatda bo‘lgan. 2018-yili sog‘ligida muammo kuzatilgach, zaxiraga o‘tkazilgan. O‘tgan vaqt davomida sog‘ligi yaxshilanavermagach, Mudofaa vazirligi rahbariyatiga ko‘mak so‘rab murojaat qilgan.
Akademik V.Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashgan jarrohlik markazi mutaxassislari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tekshiruv-diagnoz natijalariga ko‘ra, buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti zarurligi aniqlangan.
Operatsiyagacha bo‘lgan vaqt davomida kerakli barcha dori-darmon, muolajalar bepul o‘tkazildi.
“Hozirda ikkalalarining ham ahvoli yaxshi. Bu jarrohlik amaliyotini o‘tkazishda Mudofaa vazirligining o‘rni katta. Zarur jarrohlik asbob-uskunalari hamda dori-darmonlar bilan to‘liq ta’minlab berishdi. Qolaversa, bundan buyon bemor va donorning to‘liq tuzalib ketguniga qadar nazorat ostida bo‘ladi”, - deydi bosh jarrohi Ulug‘bek Rasulov.
Ma’lumot uchun, yaqin kunlarda harbiy gospitalning yangi 8 qavatlik binosi to‘liq foydalanishga topshiriladi. U yerda nafaqat harbiy soha vakillari va ularning oila a’zolari balki, boshqa fuqarolarga ham tibbiy xizmat ko‘rsatiladi.