TOShKENT, 10-may — Sputnik. 2022-yil 1-iyundan boshlab Rossiyaning yana o‘nta hududida O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakolatxonalari ochiladi va ularning umumiy soni 16 tani tashkil etadi.
Bu haqda agentlik matbuot xizmatiga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Amur, Volgograd, Voronej, Irkutsk, Nijniy Novgorod, Tula viloyatlari, Krasnodar, Krasnoyarsk, Perm viloyatlari, Xanti-Mansiysk avtonom okrugida yangi bo‘limlari ochiladi.
Agentlik matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 10-may kuni vakolatxonalar rahbarlari ish boshlash uchun Rossiya shaharlariga jo‘nab ketgan. Ular avval O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida tahsil olgan.
Ilgari Moskva, Yekaterinburg, Novosibirsk, Sankt-Peterburg, Samara, Ufa shaharlarida bo‘lim idoralari faoliyat ko‘rsatgan.
O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muxitdinovning ta’kidlashicha, mazkur vakolatxonalar qoshida migrantlar huquqlarini qo‘llab-quvvatlash markazlari ham tashkil etilmoqda. Ularning vazifalari orasida vatandoshlar va ish beruvchilar o‘rtasidagi mehnat nizolarini ko‘rib chiqish ham bor.
Umuman olganda, 2022-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, Rossiyada 1 milliondan ortiq O‘zbekiston fuqarosi mehnat qilmoqda, bu xorijda mehnat qilayotgan respublika rezidentlarining 67,3 foizini tashkil etadi.
2017 yil 5-aprelda O‘zbekiston fuqarolarini Rossiya hududida vaqtinchalik mehnatga uyushgan holda jalb qilish va jalb etish to‘g‘risidagi shartnoma imzolangan.