Prezident Olmazorda istiqomat qiluvchi urush qatnashchisi xonadonida bo‘ldi – video

Davlat rahbari Abbos ota Appanovga vatan tinchligi yo‘lidagi xizmati va fidokorona mehnatlari uchun minnatdorchilik bildirdi.
Sputnik
TOShKENT, 9-may — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri Olmazor tumanining "Achaobod" mahallasida istiqomat qilayotgan Ikkinchi Jahon urushi qatnashchisi Abbos ota Appanov xonadonida bo‘lib, uni bayram bilan tabrikladi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar berdi.
Davlat rahbari Abbos ota Appanovga vatan tinchligi yo‘lidagi xizmati va fidokorona mehnatlari uchun minnatdorchilik bildirgan.
Abbos ota urushdan avval maktabda o‘zbek tili va adabiyotidan dars bergan. 1942-yilda Smolenskka chaqirilgan, Belarusni ozod qilishda ishtirok etgan, so‘ng Polsha va Berlingacha borgan. Boboning xotirlashicha, 2-may kuni kunning ikkinchi yarmida Reyxstagga g‘alaba bayrog‘i ilingan. Abbos Appanov 4-sinfdan nemis tiliga qiziqqani va 1-yil Germaniyada yashagani uchun tilni chuqur o‘rganadi va 1946-yilda O‘zbekistonga qaytgach, 50-yil davomida 139-maktab va 111-maktablarda boshlang‘ich va yuqori sinf o‘quvchilariga “Nemis va ingliz tili” fanidan dars beradi.
“Butun umringizni xalqimizning, farzandlarimizni tarbiya qilishga bag‘ishlagansiz… Sog‘-salomat bo‘lib, qilgan niyatlaringiz amalga oshib, farzandlaringiz, nabiralaringiz kamolini ko‘rib yuring doim”, — deya tabrikladi uni Mirziyoyev.
Mamlakatda 9-may umumxalq bayrami – Xotira va qadrlash kuni keng nishonlanadi. Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan ajdodlar xotirasiga chuqur hurmat bajo keltirib, fashizmga qarshi janglarda, mehnat frontida jonbozlik ko‘rsatgan faxriylarga alohida e’tibor va ehtirom ko‘rsatiladi.
Davlat 2022-yilda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga 15 million so‘m miqdorida bir martalik pul mukofotini berishni belgilagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda bugungi kunda 236 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi va nogironi qolgan.
O‘zbekistonning fashizm ustidan g‘alaba qozonishda qo‘shgan hissasi