TOShKENT, 6-may — Sputnik. 7, 8-maydan boshlab, haftaning shanba va yakshanba kunlari “Toshkent-Shahrisabz-Toshkent” yo‘nalishida 758/757-sonli yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” zamonaviy poyezdlari qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ xabar berdi.
Poyezlarning harakat jadvali quyidagicha:
“Toshkent- Shahrisabz” yo‘nalishida qatnaydigan 758-sonli “Afrosiyob” zamonaviy poyezdi Toshkent markaziy vokzalidan soat 08:00 da qatnaydi.
“Shahrisabz-Toshkent” yo‘nalishida qatnaydigan 757-sonli “Afrosiyob” zamonaviy poyezdi esa Shahrisabz temir yo‘l vokzalidan soat 15:40 da harakatini boshlaydi.
“Bugungi kunda “Toshkent-Qarshi-Toshkent” yo‘nalishida harakatlanayotgan 760/759-sonli “Afrosiyob” zamonaviy poyezdlarining har shanba, yakshanba kunlari qatnovi to‘xtatiladi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, bugungi kungacha Toshkentdan Shahrisabzgacha 4-sonli va Shahrisabzdan Toshkentgacha 3-son yo‘lovchi poyezdlari qatnovi amalga oshirlgan.
Yuqorida qayd etilgan 757 va 758 sonli poyezdlar ham Qarshi bekati orqali o‘tadi. Yo‘nalishlar qisman bir-birini takrorlagani sababli faqat bittasini saqlab qolishga qaror qilingan.