Shavkat Mirziyoyev Tayyip Erdog‘an bilan telefonda suhbat qildi

Turkiya va O‘zbekiston prezidentlari ikki davlat munosabatlarning ildam va samarali rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etishdi.
Sputnik
TOShKENT, 3-may- Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2-may kuni Turkiya rahbari Rejep Tayyip Erdog‘an bilan telefonda suhbat qildi.
Prezidentlar bir-birlarini va ikki davlat xalqini Ramazon hayti bilan tabriklab, tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilaklarini izhor qildilar.
Shuningdek, Turkiya va O‘zbekiston munosabatlarning ildam va samarali rivojlanib borayotgani ham katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Ma’lumot uchun, yil boshidan ikki tomonlama savdo hajmi qariyb 20 foizga oshgan. O‘zbekistonda Turkiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida zamonaviy sanoat quvvatlarini yaratish va infratuzilmani modernizatsiya qilish bo‘yicha yirik investitsiya loyihalari davom ettirilmoqda. Ta’lim va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik kengaymoqda.
O‘zbekiston va Turkiya yetakchilari xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar, Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdagi sammitiga tayyorgarlik ko‘rish masalalarini muhokama qildilar.