SSV xavfli infeksiya tufayli Kinder shokoladini nazoratga oldi

Hozirgacha mamlakatda shokolad orqali salmonelloz infeksiyasini yuqtirish holatlari qayd etilmagan.
Sputnik
TOShKENT, 29 apr — Sputnik. Belgiyada tarqalayotgan salmonelloz infeksiyasi sabab O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi “Kinder” savdo belgisi ostidagi mahsulotlarni nazoratdan o‘tkazapti. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Hozirgacha mamlakatda shokolad orqali salmonelloz infeksiyasini yuqtirish holatlari qayd etilmagan. Shu kunlarda dunyoning ayrim mamlakatlarida “Kinder” savdo belgisi ostida Belgiyada ishlab chiqarilgan shokolad mahsulotlari sotuv rastalaridan olib tashlanmoqda.
Chunki Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lum qilishicha, hozirgacha dunyoning 11 davlatida salmonelloz kasalligiga chalinish holatlari keskin oshib ketishi ayni shu shirinliklar bilan bog‘liq. Zararlangan shokolad mahsulotlari kamida 113 mamlakatga tarqatilgani aytilmoqda.
Ayni paytga qadar salmonelloz bilan bog‘liq 151 holat ro‘yxatga olingan. Rossiyaliklar ham “Kinder”da salmonelloz infeksiyasi borligi haqida ogohlantirilgan. Rospotrebnadzor zarur choralarni ko‘rmoqda.
Mutaxassislar izohiga ko‘ra, salmonelloz insonning oshqozon-ichak traktiga zarar yetkazuvchi bakteriyalardir. Ushbu infeksiya ko‘p hollarda bemorlarda yengil alomatlar bilan kechsa, ba’zi turlari odamlarda o‘tkir kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin.
Umumiy simptomlar orasida diareya, isitma, qorin og‘rig‘i va ko‘ngil aynishi ko‘p kuzatiladi. Kasallikka aniq tashxis qo‘yish uchun mikrobiologik va bakteriologik tahlillar zarur.