Tokayev Qozog‘istonda umumxalq referendumi o‘tkazishni taklif qildi

Tokayev Qozog‘istonda umumxalq referendumi o‘tkazishni va unda davlat boshqaruviga oid ayrim muhim masalalarni ko‘tarishni taklif qildi.
Sputnik
TOShKENT, 29 apr - Sputnik. Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Tokayev Konstitutsiyaga mamlakat siyosiy tizimini modernizatsiya qilish va demokratlashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha umumxalq referendumi o‘tkazishni taklif qildi.
"Ushbu islohotlar taklif etilganda biz Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishlar loyihasi parlament tomonidan ko‘rib chiqiladi deb o‘ylagandik. Bu amaldagi qonunchilikda belgilangan tartiblardan biridir. Biroq bo‘lajak keng ko‘lamli va muhim o‘zgarishlar Respublika hayoti va kelajagiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois, men Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha respublika referendumini o‘tkazishni taklif qilaman”, — dedi Tokayev juma kuni Qozog‘iston Xalq Assambleyasi (KHK) sessiyasida so‘zlagan nutqida.
Ma’lumot uchun, Tokayev o‘zining oldingi chiqishlarida Qozog‘iston davlat boshqaruvchida prezident rolini kamaytirib Parlament rolini kuchaytirish kerakligi haqida aytib o‘tgandi. Xususan prezidentning ayrim vakolatlarini bekor qilish, prezidentning biror partiyaga a’zo bo‘lishi huquqini qayta ko‘rib chiqish, prezident yaqin qarindoshlarining yuqori davlat lavozimlarida ishlashiga ta’qiqi qo‘yish, prezidentning parlament yuqori palatasini saylashdagi vakolatlarini kamaytirish va boshqa o‘zgarishlar haqida gapirgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonda umumxalq referendumi so‘nggi bor 1995-yilda o‘tkazilgan edi. Undan so‘ng referendumlar haqida yangi qonun qabul qilingan bo‘lsa-da, respublikada biror marotaba ham umumxalq referendumi o‘tkazilmagan.