Maxsus tashkil qilingan prokuratura Zomin va Baxmal tabiatini muhofaza qiladi

Ixtisoslashtirilgan prokuratura ushbu tumanlarning ekologik holatini yaxshilash va ekoturizmni rivojlantirish bo‘yicha muammolarni bartaraf etish ishlari bilan shug‘ullanadi.
Sputnik
TOShKENT, 29 apr — Sputnik. Zomin va Baxmal tumanlarida tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan prokuratura tashkil etiladi. Bu haqda Jizzax viloyati hokimligi xabar bermoqda.
Ixtisoslashtirilgan prokuratura O‘zbekiston prezidentining 27-aprel kuni imzolangan “Jizzax viloyatida tabiatni muhofaza qilishga oid qonunchilik ijrosini ta’minlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tashkil qilinmoqda.
Qarorga ko‘ra, tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan prokuratura 8 nafar shtat birligidan iborat bo‘ladi. U Zomin tabiatni muhofaza qilishga oid qonunchilik ijrosi ustidan nazoratni amalga oshiradi. Shuningdek, yerlardan noqonuniy foydalanishni bartaraf etadi.
Prokuraturani tashkil etishdan asosiy maqsad tabiatni muhofaza qilish, tabiiy hududlar egallagan yerlar va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, hududning ekologik holatini yaxshilashdan iborat.
Aytilishicha, prokuraturaga ekoturizmni rivojlantirish bo‘yicha muammolarni bartaraf vazifalasi ham yuklatilmoqda.
Ma’lumot uchun, o‘tgan yili Jizzax viloyatiga 340 ming nafardan ortiq mahalliy sayyohlar tashrif buyurgan. Fransiya, Rossiya, Germaniya, Xitoy, Turkiya va MDH mamlakatlaridan kelganlarning soni 1 ming 200 nafarga yaqin bo‘lgan.