Jizzaxda chigirtkalar tarqalishiga qarshi kurash boshlandi

Zomindagi fermerlar, dexqonlar, cho‘ponlar, shuningdek, mahalliy aholi zararli chigirtkalarga qarshi kurash olib bormoqda.
Sputnik
TOShKENT, 25 apr — Sputnik. Jizzax viloyatining 93 ming gektarida zararli chigirtkalar tarqalishiga qarshi kurash olib boriladi. Bu haqda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi xabar bermoqda.
Chigirtkalar ayni bahor mavsumida ko‘payishi qishloq xo‘jaligi uchun jiddiy xavf tug‘diradi. Shu bois Jizzah viloyati Zomin tumanida zararli chigirtkalarga qarshi kimoviy kurarshish tadbirlari o‘tkazildi.
Unda fermer va dexqonlarga zararli chigirtkalarning turlari va xususiyatlari, ularga qarshi kurarshish, kimoviy eritmalarni tayyorlash o‘rgatildi. Tadbirlarga nafaqat fermer va dexqonlar balki, cho‘ponlar va mahalliy aholi ham jalb etildi.

“Eng og‘ir hududlarda, jumladan, Forish, Yangiobod, Zomin tumanlari hamda Turkiston cho‘llarida kimoviy ishlovlar o‘tkazish ishlari boshlab yuborildi. Ushbu hududlar maxsus texnika bilan ta’minlangan, chigirtka chiqadigan maydonlar xaritaga tushirilgan”, - deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, Baxmal, G‘allaorol, Zafarobod tumanlarida ham zararli chigirtka uyalari mavjudligi aniqlandi. Shu kungacha belgilangan maydonning 60 foizidan ortig‘iga kimoviy ishlov berildi.
Aytilishicha, kimoviy ishlov berishdan oldin mutaxassislar chigirtkaning tarqalish radiusini aniqlab, uning o‘chog‘iga aylana tarzida kimoviy ishlov berishgan. Sepilgan dori 10-15 daqiqada o‘z natijasini ko‘rsatadi.
Tadbirlar davomida yana bir xavfli zararkunanda termitlarga qarshi kurash ham olib borilmoqda. Termitlar O‘zbekistoning cho‘l va tog‘ oldi hududlarida uchraydi. Ular aholi turar joylari va tarixiy obidalarga juda katta zarar yetkazishi aniqlanmoqda.
Ma’lumot uchun, respublikada 150 dan ortiq chigirtka turi tarqalgan bo‘lib, shulardan 10 turi qishloq xo‘jalik ekinlari, yaylovlar va boshqa o‘simliklarga katta zarar yetkazishi mumkin. Chigirtkalar yashash tarziga qarab 2 guruhga ajratiladi. Bular to‘da hosil qilib yashovchi marokash, osiyo va voxa chigirtkalari hamda to‘da hosil qilmaydigan (mahalliy) chigirtkalardir.