TOShKENT, 24 apr — Sputnik. Jizzax viloyatining bir nechta tumanlarida kuzatilgan kuchli yog‘ingarchiliklar tufayli sel oqimlari yuzaga keldi. Tabiiy ofat ayrim aholi yashash joylari, ijtimoiy soha obyektlari, ekin maydonlariga zarar yetkazdi.
Forish tumanining Egizbuloq mahallasi seldan eng ko‘p jabr ko‘rgan. Hozir u yerda tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.
Egizbuloq mahallasiga viloyatdagi barcha tumanlar, viloyat va tuman korxona, tashkilot, muassasalari, mahallalardan gumanitar yordam kelishi davom etmoqda. Jumladan, Sirdaryo viloyati aholisi jabr ko‘rgan Forish xalqiga turli oziq-ovqat mahsulotlari, ko‘rpa-to‘shak jamlanmasidan iborat insonparvarlik yordami jo‘natgan.
“Xalqimiz azal-azaldan bunday og‘ir kunlarni jipslashib, ahillik va hamjihatlik bilan yengib o‘tgan. Bunga Sardoba suv omborida yuzaga kelgan ko‘ngilsiz sharoitda ham guvoh bo‘lganmiz. O‘shanda bu insoniylik qadriyatlarimiz yanada keng quloch yoyib, barcha yo‘llar yurtdoshlarimizni, birinchilardan bo‘lib olijanob jizzaxliklarni ham Sirdaryo tomon eltgandi”, — deyiladi Sirdaryo viloyati hokimligi xabarida.
Oziq-ovqat va qishloq xo‘jalik mahsulotlari, kiyim-kechak, ko‘rpa-to‘shak, qurilish materiallaridan iborat gumanitar yordam mahalladagi 15-umumta’lim maktabiga to‘planib, seldan talofat ko‘rgan mahalla aholisiga yetkazib berilyapti.
Eslatib o‘tamiz, 20-aprel kuni Jizzax viloyatining Baxmal, Forish, G‘allaorol va Sh.Rashidov tumanlarida kuzatilgan sel oqibatida besh kishi qurbon bo‘lgan.
Sel oqimi Forishdagi Egizbuloq mahallasida joylashgan 260 ta xo‘jalikdan o‘tgan. Ularning 53 tasi to‘liq talofat ko‘rgan, 44 tasi o‘rta va 163 tasi yengil darajada talofat ko‘rgan. Sel hududdagi 15-maktab va 9-bog‘cha hududiga ham kirgan.