JSST bolalarda kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan gepatit aniqlanganini xabar qildi

Kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan o‘tkir gepatit bilaneEng ko‘p kasallanish Buyuk Britaniyada (114 ta) aniqlangan.
Sputnik
TOShKENT, 24 apr — Sputnik. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bolalarda kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan o‘tkir gepatitning 169 ta holatini qayd etdi. Bu haqda tashkilotning 23-aprel kuni e’lon qilgan ma’lumotlarida xabar qilingan.
Kamida bir bola vafot etgan, 17 nafar bolaga jigar ko‘chirib o‘tkazishga to‘g‘ri kelgan. Noma’lum gepatit 1 oylikdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarda aniqlangan.
Eng ko‘p kasallanish Buyuk Britaniyada (114 ta) aniqlangan. Bundan tashqari, u Ispaniya, Isroil, AQSh, Daniya, Niderlandiya, Italiya, Fransiya va boshqa mamlakatlarda qayd etilgan.
Shu bilan birga, JSST ma’lumotlariga ko‘ra, bu holatlarda ilgari ma’lum bo‘lgan gepatitning A, B, C, E va D turlari aniqlanmagan.
Kasallanganlarning kamida 74 nafarida adenovirus aniqlangan. Koronavirusga test topshirgan 20 nafar bemorda SARS-CoV-2, 19 nafarida bir vaqtning o‘zida SARS-CoV-2 va adenovirus aniqlangan.
Ta’kidlanishicha, tashkilot kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan gepatit aniqlangan davlatlarga tibbiy surishtiruv o‘tkazishda va ma’lumotlarni to‘plashda ko‘mak bermoqda.