TOShKENT, 22 apr - Sputnik. Toshkent shahrida barpo etilgan “INNO” innovatsion o‘quv-ishlab chiqarish texnoparki 2023-2026 yillarda Namangan, Buxoro, Jizzax va Nukus shaharlarida ham bosqichma-bosqich tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylagan qarori loyihasida aytib o‘tilgan.
Qaror loyihasiga ko‘ra, tashkil etiladigan texnoparklarda 8 ta startap akselerator, 4 ta biznes inkubator, 4 ta ishlab chiqarish maydonlari, 12 ta kovorking markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yiladi.
Loyiha mahalliy budjet hamda O‘zbekiston Respublikasi ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
Shuningdek, texnoparklar rezidentlari innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun eng qulay sharoitlarni yaratish maqsadida O‘zbekiston hududi doirasida eksterritoriallik prinsipi asosida joylashtiriladi.
Texnoparklarni qurilish va jihozlash xarajatlarining 90 foizi O‘zbekiston ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi, 10 foizi Qoraqalpog‘iston respublika budjeti va tegishli viloyatlar mahalliy budjetining mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Texnoparklarga har yili “Bo‘lajak olim” tanlovi doirasida ajratiladigan mablag‘larning 30 foizdan kam bo‘lmagan miqdori startap loyihalarni e’lon qilish, ko‘rib chiqish, tanlab olish va muvaffaqiyatli loyihalarni moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladi.