TOShKENT, 21 apr — Sputnik. O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) 20-aprel kuni Jizzax va Samarqand viloyati hududlarida kuzatilgan sel va suv toshqinlari oqibatlari haqida ma’lumot berdi.
Yomg‘ir va oqava suvlari Samarqand shahrining 5 ta shohko‘chasidan o‘tuvchi avtomobillar qatnov qismida, 54 ta ichki ko‘chalar atrofidagi irrigatsiya tarmoqlarida, 20 dan ortiq ko‘p qavatli uylarning yerto‘lalari va atrofida, 84 ta yakka tartibdagi turar joy binolarining yerto‘lalari va hovlilarida, 5 ta umumta’lim (9, 29, 39, 75-son umumtalim, 1 ta ixtisoslashgan) maktablar va M.Ulug‘bek ko‘chasidagi "Ko‘zmunchoq" bog‘chasi hovlilari hamda Narpay ko‘chasidagi “Muz saroyi” binosi ostidagi avtoturargohda to‘plangan.
Jizzax viloyati Forish tumanining tog‘li hududlari va adirliklarida kuzatilgan kuchli yog‘ingarchilik natijasida sodir bo‘lgan sel oqimi "Egizbuloq" MFYda joylashgan 260 ta xo‘jalikdan o‘tgan. Ularning 53 tasi to‘liq talofat ko‘rgan, 44 tasi o‘rta va 163 tasi yengil darajada talofat ko‘rgan.
Qutqaruvchilar olti fuqaroni sel oqimlari ichidan qutqarishgan. Ular tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan. Ta’kidlanishicha, bu yerda shunday sel oqimlari bundan taxminan 80-yillar avval kuzatilgan.
Sel oqimi 15-son umumta’lim maktabi va 9-son maktabgacha ta’lim muassasasi hududiga (binolarning 1-qavatiga) ham kirgan. 1.5 km. ichki yo‘llarga sel suvlari toshishi oqibatida transport vositalari harakati vaqtinchalik to‘xtatilgan.
Yuzaga kelgan sel oqimi natijasida "Egizbuloq" MFYda joylashgan 25 ta xo‘jalikda istiqomat qiluvchi 100 dan ortiq fuqarolar vaqtinchalik yashash uchun yaqin qarindoshlarining uylariga ko‘chirib o‘tkazilgan. Ular uchun tuman hokimligi zarur mahsulotlar zaxirasini tashkil etgan.
Qashqadaryo va Navoiy viloyatlarida sel oqimlari o‘z yo‘lidan oqib o‘tgan. Sel hududlardagi aholi yashash xonadonlari va boshqa ijtimoiy soha obyektlariga ziyon yetkazmagan.
Hodisa oqibatlarini bartaraf etish ishlari davom ettirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Forish tumanida kuchli sel oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lgani xabar qilingan edi.