TOShKENT, 20 apr — Sputnik. Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanidagi 8, 9, 14, 16, 20 sonli maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar sog‘lom ovqatlanishi uchun tajriba-sinov tariqasida “Keytering” xizmati tashkil etildi. Bu haqda Maktabgacha ta’lim vazirligi xabar bermoqda.
Xabarda aytilishicha, endilikda ushbu bolalar bog‘chalarida "DXSH Tórtkól maxsus taom taʼminoti“ MChJning “Bolalar taomlarini tayyorlash" keytering kombinati tomonidan tayyor oziq-ovqatlar berildi.
Davlat bog‘chalarida sog‘lom ovqatlantirish tizimini takomillashtirish hamda bu borada tadbirkorlik subyektlariga qulayliklar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 407-sonli qarori qabul qilingan.
Hujjatda 2021-2022 yillarda Nurafshon shahri, O‘rtachirchiq, Bo‘stonliq va Qibray tumanlarida davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida autsorsing usulida sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etish bo‘yicha tajriba-sinov tanlovlarini o‘tkazish belgilangan.
Malumot uchun, keytering (catering) — masofadan turib "ovqatlanish xizmatini tashkil qilish" ma’nosini anglatadi. Ya’ni ixtisoslashgan korxona (bu biror restoran yoki oshxona ham bo‘lishi mumkin) mijoz buyurtmasiga asosan bog‘larda, tabiat qo‘ynida yoki tadbirlarda ovqatlanish xizmatini tashkillashtiradi (stol, stul, ofitsiantlar, taomlar va ho kazo).