Hind generali Rossiya qurollarining ustunlik taraflarini aytib berdi

Hindistonlik general Sehgal: Rossiya qurollari narxi va ishonchliligi bo‘yicha G‘arb qurollaridan ustundir.
Sputnik
TOShKENT, 20 apr - Sputnik. Rossiya qurollari o‘zining soddaligi, narxi va ishonchliligi bilan G‘arb qurollaridan ustundir, dedi harbiy ekspert, Hindiston armiyasining iste’fodagi general-mayori P.K.Sexgal RIA Novosti nashriga.
"Gap shundaki, bizning qo‘shinlarimiz Rossiya qurol tizimlariga o‘rganib qolgan. Ular G‘arb taklif qilayotgan muqobilidan ancha arzon. Rossiya qurollari ishonchli va oxirgi eng kerakli damda buzilib qolmaydi. G‘arb qurollari juda murakkab va ko‘pincha bizga pand beradi. Hindiston so‘nggi oltmish yil davomida rus qurollaridan ishonchli foydalanib kelmoqda", dedi general.
Stokgolm xalqaro tinchlik tadqiqot instituti (SIPRI) ma’lumotlariga ko‘ra, Hindiston 2017-yildan 2021-yilga qadar o‘z mudofaa budjetining deyarli yarmini Rossiyadan qurol sotib olishga sarflagan. Shu bilan birga, bu 2012-yildan 2016-yilgacha bo‘lgan vaqtdan kamroq - o‘sha paytda bu davlat mudofaa budjetining 69 foizini Rossiya qurollariga sarflangan.
Hindistonning eng qimmat xaridi bu -S-400 zenit-raketa tizimlari bo‘ldi. Ularni yetkazib berish bo‘yicha shartnoma 2018-yil oktabr oyida imzolangan. Ma’lum bo‘lishicha, Dehli beshta ana shunday ZRT polkini 5,43 milliard dollar evaziga xarid qilgan. Shu tariqa Hindiston Xitoy va Turkiyadan keyin S-400ning uchinchi xorijiy xaridoriga aylandi.
Rossiya texnologiyasi bilan parallel ravishda Nyu-Dehli Fransiya, AQSh va Isroil qurollariga qiziqish bildirmoqda. Yaqinda Fransiya Hindistonga 32 ta Dassault Rafale reaktiv qiruvchi samolyotlari, 15 ta jangovar Mirage samolyoti va uchta Scorpene suv osti kemasini yetkazib berdi.
Hindiston va AQSh o‘rtasidagi mudofaa savdosining qiymati 2000-yildagi 200 million dollardan 2019-yilga kelib 6,2 milliard dollarga ko‘tarildi. Xaridlar orasida MQ-9A Reaper uchuvchisiz samolyotlari, P8-I Poseidon uzoq masofali dengiz patrul samolyotlari va Sikorsky MH-60R ko‘p maqsadli vertolotlari bor.
Fevral oyi boshida Hindiston bosh vaziri Narendra Modi qurollarni import qilish muammosi shundaki, ular armiyaga yetib kelgunicha eskirib qolayotganini va ushbu muammoni hal etish yo‘llaridan biri – bu qurollarni mamlakatning o‘zida ishlab chiqarish bo‘lishi mumkinligini aytgan edi.