TOShKENT, 19 apr — Sputnik. Joriy o‘quv yilida maktablarni 390 mingdan ortiq o‘quvchilar bitiradi. Bugungi kunda 16 yoshga to‘lgan 122 mingdan ortiq bitiruvchilar (31%) pasport olmagan. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi (XTV) xabar bermoqda.
Vazirlik ota-onalardan 16 yoshga to‘lgan maktab bitiruvchilarining o‘z vaqtida pasport (ID-karta) olishini ta’minlashni so‘ragan. Maktab ma’muriyatlari esa bitiruvchilarning pasport ma’lumotlarini attestat.uzedu.uz saytiga kiritib boradi.
Oliy ta’lim muassasalariga abituriyentlarning hujjatlari Davlat test markazining abitur.dtm.uz sayti orqali onlayn qabul qilinadi. Onlayn hujjat topshirish uchun bitiruvchilarning pasport (ID karta) ma’lumotlarini (jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami – JShShIR) kiritish talab etiladi. Shu bois 16 yoshga to‘lgan bitiruvchilar o‘z vaqtida pasport (ID karta) olishlari zarur.
Ma’lumot uchun, 16 yoshga to‘lgan bitiruvchilar pasport olishlari uchun Ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlariga murojaat etishlari mumkin.